
«Odamlar million kishilik mehmon chaqirib, tonnalab osh damlasa ham, toki duolarida marhum uchun chin dildan so‘ralgan najot yo‘q ekan, bularning bari xo‘jako‘rsinga bo‘lib qolaveradi!»
Yarim tungacha beoromligim sababmi, ertalab boshim og‘rib uyg‘ondim. Esimda, onam rahmatlining vafotidan so‘ng xuddi shunday ahvolga tushgandim. Na yeb-ichishimda va na uyqumda halovat qolgandi o‘sha kezlar. Xayolan yoshlik chog‘larimga tez-tez qaytib, o‘sha xotiralar bilan uzoq o‘tiradigan odat chiqargandim. Otam esa bu parishonxotirligimdan qo‘rquvga tushar, «Hadeb kuyinaverma, bolam, ota-ona o‘lmog‘i meros», derdi. Bugun esa menga ayni shu dalda yetishmayapti: «Ota-ona o‘lmog‘i meros». Bu so‘zlarni ayta-ayta otamning o‘zi ham meni foniy dunyoda yolg‘iz qoldirib ketdi. Volidam sog‘inchiga otamning hijroni ham kelib qo‘shildi. Mana, bir oydirki, o‘z qobig‘imga butkul o‘ralib oldim. Erkak boshim bilan dod solib yig‘lagim keladi. Janozaga kelgan do‘stlarim ko‘p ovutdi: «O‘zingni qo‘lga ol, hammamiz o‘lamiz!», «Tinchlan, otangning to‘yi ekan-ku, sakson yosh», «Kuyinaverma, hammasiga vaqt davo!»
Shu gaplarni aytishayotganida oshna-og‘aynimning ko‘ziga qarayman. Hamdardlik hissi bor, ammo meni, baribir, tushunishmaydi. Men oilamizda kenjatoy farzand edim. Dadam hamma do‘stlarimning dadasidan ancha katta, ko‘pni ko‘rgani edi. Darhaqiqat, do‘stlarimning ham otasi hali tirik (umri uzoq bo‘lsin). Balki, shu sabab bunchalik uzlatga chekinib qolganimni tushunishmas, deya o‘ylardim kechagi kungacha. Bir sinfdoshimning otasi erta olamdan o‘tdi. Janozaga chiqdik. Ko‘nglimga «Uch kun yonida o‘tiraman, yaqin do‘stim bo‘lmasa ham dardi og‘ir, axir otasini yo‘qotdi. Bu fojiada mendan ortiq kim ham qalbiga orom bo‘lardi!» degan o‘y kirdi. Yonida bo‘ldim ham. Biroq…
U o‘sha kuni qo‘shnilar olib chiqqan qaynoq sho‘rvadan miriqib ichdi. Hatto «Yana bormi?» deyishni ham unutmadi. Kelgan mehmonlar bilan odatdagiday ko‘rishdi, anchadan buyon ko‘rmagan tanishlarini chetga olib, suhbat ham qurdi. Qanday aytsam ekan, miyig‘ida kuldi ham! Oh, men bu jilmayishdan so‘ng chidab turolmadim, yig‘lab yubordim. Otamning qabriga bordim-u, ho‘ng-ho‘ng yig‘lab, xayolga berildim.
«Otajon! Sizni sog‘indim! Esimda, go‘dakligimda shu qabristonga olib kelardingiz, ilk bora Fotiha surasini ham shu yerda o‘rgatgansiz. «Bu yerdagilar duoga zor, bolam, men ham o‘lsam, ko‘p-ko‘p duo qil!» degandingiz.
Onajon! Siz ham tinch yotibsizmi?! Onajon, men sizni ham sog‘indim, biroq otamning yarasi hali ancha yangi! Esimda, biz bu yerga siz bilan ham kelardik. «O‘g‘lim, o‘lsam, meni eslab tur, haqimga tilovat qil, yodingga tushishim bilan qo‘llaringni ko‘tarib, duo qil, shuning o‘zi yetadi», degan so‘zlaringiz qulog‘im ostida jaranglaydi. Onajon! Kechalari siz va otam uchun ibodat qilib, savobini sizlarga baxshida qilyapman. Zotan, sizlarga shundan boshqa hech nima foyda bermasligini ham tushunaman. Uyga kech qolsam, kelmagunimcha uxlamasdingiz, eshikdan kirib, salom bersam: «Xudoyim, O‘zingga shukr. Va alaykum aleykum, bolam, yaxshi dam ol!» deya uyquga ketardingiz. Yodimda, nima yesangiz, menga, albatta, ilinib, bir chetga o‘sha yegulikdan olib qo‘yardingiz! Jonim og‘risa, jon bo‘lardingiz, boshimni silab, qalbimga orom berardingiz!»
— Yana boshingiz og‘riyaptimi? — dedi rafiqam dori uzatarkan. — Sahar mardonda uxlab qoldingiz. Tuni bilan tilovat qildingiz chog‘i.
— Yaxshiman, Xudo xohlasa, bugun ishga ham chiqaman. Bunday mahzunligim tag‘in ularni qiynab qo‘ymasin.
— Ko‘nglingizga olmang-u, — rafiqam ko‘zini olib qochdi, — har kuni yarim kechagacha tilovat qilishingiz shartmasdir?! Yaqinda ehson qilamiz, shu bilan…
— Ehson?! — g‘azabimni bosishga urinsam-da, qoshlarim chimirildi. — Odamlarga ham hayronman, Nasiba. Ehson nima degani o‘zi, qani, ayt-chi?!
— Ehson?.. — sho‘rlik ayolim gapirganiga pushaymon bo‘lib, labini tishladi. — H-haligi, odamlarni chaqirib, dasturxon yozish-da!
— Xo‘p, dasturxon yozding, o‘liklarga bundan nima naf? — xotirjamlik bilan uni savolga tutdim.
— H-haligi,