Воскресенье, 27.09.2020, 22:06
Приветствую Вас Гость | RSS

Наш опрос
Оцените мой сайт
Всего ответов: 93
Статистика

Онлайн всего: 4
Гостей: 4
Пользователей: 0
Главная » 2018 » Октябрь » 27 » «Qora shahzoda» dunyoni ne ko‘yga solmoqchi? (foto)
04:43
«Qora shahzoda» dunyoni ne ko‘yga solmoqchi? (foto)

Yaqin uch yil oldin ham jahon afkor ommasiga mutlaqo tanish bo‘lmagan bu yigit qisqa muddatda siyosat olamida yirik o‘yinchiga aylanib ulgurdi. U hali podshoh bo‘lmasa-da, o‘z mamlakatining butun jilovini qo‘liga olgan. Podshohga aylanish ham ko‘p kuttirmaydiganga o‘xshaydi. Otasi betob, yoshi bir joyga borib qolgan, istasa-istamasa u tez orada arab dunyosining eng qudratli va nufuzli davlati podshohligini, ikki muqaddas dargoh xizmatchiligini o‘z o‘g‘liga – valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonga bo‘shatib beradi. Hozir shuncha siyosiy o‘yinlarga sababchi bo‘layotgan bu yigit o‘shanda nimalar qilarkin?..

Valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon haqidagi maqolaga kirisharkanmiz, bir-biriga zid keluvchi juda ko‘p ma’lumotlarga duch keldik. Muhtaram o‘quvchi, agar biz taqdim etgandan farq qiluvchi ma’lumotlardan boxabar bo‘lsangiz, hayron bo‘lmang.

Asriy an’ananing buzilishi

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud o‘z o‘g‘li Muhammad ibn Salmonni taxt vorisi deb e’lon qilganida, mamlakatning eng muhim an’anasini buzdi – yoshiga ko‘ra navbatdagi shahzoda valiahd etib belgilanishiga chek qo‘ydi.

Gap shundaki, zamonaviy Saudiya Arabistonining asoschisi sifatida ko‘riladigan ilk podshoh Abdulaziz Ol Saud belgilagan qoidaga ko‘ra podshohdan keyin taxtga yoshi eng katta avlodi o‘tirishi kerak bo‘lgan. Ilk podshohdan keyin uning qonuniy 45 nafar o‘g‘lidan deyarli barchasi navbat bilan taxtga o‘tirib chiqishdi. An’ananing asosiy qoidasi avlodning eng katta yoshli vakili valiahd hisoblanardi. Tabiiyki 45 o‘g‘ilning har biri islom an’analariga ko‘ra ko‘p xotinli bo‘lgan va ko‘plab o‘g‘illarni dunyoga keltirishgan.

Sulolaning geometrik progressiyada ko‘payishi yigirma birinchi asrga kelib taxtga da’vogarlar sonining 7000 nafardan ortishiga olib keldi. Bu esa navbatdagi valiahdni belgilashda o‘ta aniqlikni talab qilardi. Shu bois podshohlikda valiahdlarni belgilash bo‘yicha maxsus kengash ham tuzilgan.

Bu sulola oxir oqibat shu holga tushdiki, unda yoshi 80-90dan oshgan juda ko‘plab shahzodalar yashab o‘tib ketishdi va ularga taxtga o‘tirish nasib qilmadi. Ol Saudning ko‘p ming kishilik avlodining barcha vakillari davlat xazinasi hisobiga kun kechirar va yayrab yashardilar.

2015 yil

Salmon ibn Abdulaziz
Foto: Reuters

Aynan shu yili davlatni so‘nggi o‘n yilda rasman, oxirgi yigirma yilda esa norasman boshqarib kelgan, sulola asoschisi Abdulaziz Ol Saud va uning sakkizinchi xotinining o‘g‘li bo‘lgan Abdulla Ol Saud vafot etdi. Uning o‘rniga taxtga Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud o‘tirdi. Bu paytga 80 yoshni qoralab qolgan yangi podshoh bir qator murakkabliklarni yengishi lozim edi.

Qo‘shni Yamanda podshohlikning azaliy raqiblari bo‘lgan husiychilar poytaxt Sano va boshqa yirik shaharlarni egallab olishgan, mazhab bo‘yicha doimiy dushman maqomida bo‘lgan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi «Hizbolloh» harakati Livan va Falastinda juda kuchayib ketgan, mittigina, ammo rejalari osmon qadar Qatarni jilovlab bo‘lmay qolgandi.

Ayni mana shunday paytda podshoh Salmon o‘ziga suyanchiq sifatida o‘g‘li Muhammadni Mudofaa vaziri etib tayinladi. Shu tarzda 29 yoshli Muhammad ibn Salmon eng yosh Mudofaa vaziri sifatida yangi tarixga kirdi hamda darhol hokimiyat jilovlarini qo‘lga ola boshladi. Amalda mamlakatning barcha kuchishlatar tizimlari unga bo‘ysundi. Shuningdek, shahzoda davlat vaziri maqomini saqlab qolgani holda podshohlik sudining bosh kotibi etib tayinlandi.

Lekin hokimiyat ishqida yonayotgan shahzoda uchun bularning o‘zi kamlik qilardi. Doimiy undovlar ortidanmi, yoki shaxsiy tashabbus bilanmi, bunisi noma’lum, lekin podshoh Salmon shu paytgacha hech kimning aqli bovar qilmaydigan islohotga qo‘l urdi – navbatdagi ko‘p ming sonli shahzodalarni chetlab o‘tib, o‘z o‘g‘lini valiahd shahzoda etib tayinladi.

Buning uchun xorijda, ayniqsa G‘arbda katta nufuzga ega bo‘lgan, podshohlikdagi obro‘si eng baland insonlardan biri, valiahd shahzoda Muhammad Naif Ol Saudni chetga surib tashladi. Shuningdek, podshohlik avlodining barcha vakillarining davlat hisobidan ta’minlanishiga chek qo‘yildi.

Doimiy tarzda keksa, unutuvchan va konservativ podshohlar bilan ishlashdan zerikkan AQSh rahbariyati sukut ila bu islohotlarni ma’qulladi. Xususan, prezident Tramp podshohning bu harakatlariga «U nima qilayotganini yaxshi biladi» deya ijobiy baho berdi.

Korrupsiya mojarosi va undirilgan 100 milliard dollar

Al Volid ibn Talal Ol Saud
Foto: Reuters

Bunday keng vakolatlardan foydalanmaslik shahzodaning tabiatiga zid edi. Dastlabki harakatlar o‘zini ko‘p kuttirmadi. Avvaliga turli xil jamg‘armalar, ko‘p qismi ishsiz bo‘lgan yoshlarga ko‘mak beruvchi tuzilmalarga asos solib yurgan shahzoda bu kabi mayda-chuyda ishlar bilan katta obro‘ qozonib bo‘lmasligini tushunib yetdi hamda juda ulkan va tahlikali rejaga qo‘l urdi.

2017 yilning 5 noyabr kuni mamlakat tarixida alohida sahifa bo‘lib kirdi. Qizig‘i, bundan bir kun avval, 4 noyabr kuni Muhammad ibn Salmon mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasiga rahbar etib tayinlangandi.

U o‘zi boshqarayotgan yangi qo‘mita faoliyati doirasida kutilmaganda va hech kim bilan maslahatlashmasdan mamlakatning 350 nafardan ortiq eng nomdor amaldor va boylarini hibsga oldi.

Shahzoda panjara ortiga ravona qilgan nufuzli insonlar orasida 4 nafar amaldagi vazir, 11 nafar shahzoda bor edi. Panjara orti deyish ko‘p ham to‘g‘ri bo‘lmaydi – shahzoda bu mahbuslarni Ar Riyoddagi eng hashamatli mehmonxonalardan biri «Ritz Carlton»ga joylashtirdi va har biriga o‘ziga xos talablar qo‘ya boshladi.

O‘ta yirik miqdordagi poraxo‘rlik va hatto davlatga xiyonat aybi bilan ozodligi cheklanganlar orasida amaldagi podshohning jiyani, mamlakatning eng boy insonlaridan biri, G‘arbda juda katta obro‘ga ega biznesmen va «Citigroup» egalaridan biri, 20 milliard dollardan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan Al Volid ibn Talal Ol Saud birinchilar qatorida edi. Garchi fitnalarga ruhan tayyor bo‘lgan boyvachcha o‘zining mehmonxonadagi hashamatli xonasini ko‘rsatib, qirollik talabiga ko‘ra hozircha shu yerda ishlab turganini aytib, vaziyatni xaspo‘shlamoqchi bo‘lsa-da, ahvol ancha murakkabligini hamma bilib turardi.

Oradan deyarli uch oy o‘tib, 2018 yilning 30 yanvarida hibsdagilar qo‘yib yuborildi. Lekin ularning barchasi shahzodaga nisbatan sodiqlik va’dasini qilishgan va... davlat byudjetiga arzimas 100 milliard dollar to‘lab qo‘yishgandi.

Umumiy yillik byudjeti 200 milliard dollarga yetmaydigan Saudiya Arabistoni aholisining aksariyati shahzodaning bu harakatlarini katta quvonch va olqishlar bilan kutib oldi. Sababi xalq orasida qirollik oilasiga yaqin bo‘lgan bu amaldor va boyvachchalarning davlat boyliklarini muntazam o‘zlashtirib kelgani bo‘yicha katta noroziliklar tug‘ilgan, poraxo‘rlikka qarshi kurashgan shahzoda qisqa muddatda qahramonga aylangandi.

O‘zini unutmagan shahzoda

Foto: Reuters
G‘arb madaniyati va hayot tarzini hamisha yoqtirgan Muhammad ibn Salmon mamlakat mafkurasida ham inqilobiy o‘zgarishlar qila boshladi. Yaqindagina bekor qilinishiga birov ishonmaydigan cheklovlar olib tashlandi. Jumladan – ayollarga avtomobil boshqarishga (ma’lumot uchun: Saudiya Arabistoni ayollar avtomobil boshqarishi mumkin bo‘lmagan so‘nggi davlat edi), stadionlarga tashrif buyurishga ruxsat berildi. Ommaviy kinoteatrlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shahzoda tashabbusi bilan sahroning o‘rtasida 25 ming kv/km maydonni egallovchi o‘ta zamonaviy Neom shahri qurilishiga start berildi.

Imkoniyatlardan ilhomlangan va o‘ziga juda qattiq ishongan Muhammad ibn Salmon «Saudiya Arabistoni birinchi navbatda!», «Mamlakatimiz o‘z qudratini tiklaydi!» kabi balandparvoz shiorlar ostida hatto 2020 yildayoq Saudiyaning neft qaramligidan ozod bo‘lishi to‘g‘risida bayonot berib yubordi.

Ko‘ngilochar dasturlar uchun hatto alohida departament tashkil qilindi. Turizmga e’tibor qaratildi. Ta’kidlash joizki, Saudiya Arabistoni shu kunga qadar dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri edi va hanuzgacha shunday. Haj va Umraga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar garchi davlat hududiga kirsalar-da, ularning vizasi juda cheklangan joylarda amal qiladi va bu viza bilan hech kim, masalan, poytaxt Ar Riyodga bora olmaydi.

Bir tarafdan badavlat insonlarning «patini yulgan» shahzoda o‘zi uchun hashamatning oliysini ravo ko‘rardi. The New York Times nashri ma’lumotlariga ko‘ra, aynan u dunyodagi eng qimmat ko‘chmas mulk hisoblangan, Fransiyadagi Lyudovik XIV qasrini 300 million dollarga sotib oldi. Shuningdek, shahzoda 550 million dollarga yaxta va 450 million dollarga Leonardo da Vinchi kartinalari to‘plamini xarid qilgani ma’lum bo‘lgan.

O‘zgarishlar diniy masalalarni ham chetlab o‘tmadi. Shahzoda shu paytga qadar o‘ta qattiq turiluvchi bu sohada ham islohotlarga kirishdi va mo‘’tadil Islomni targ‘ib qila boshladi. Konservativ qarashlarini o‘zgartirishni istamagan minglab imomlar, yetakchi ulamolar vazifasidan chetlashtirildi va shahzodaning yo‘rig‘iga yurganlargina o‘z amallarini saqlab qoldilar.

Tashqi ishlardagi omadsizliklar

Foto: AP Photo / Lefteris Pitarakis
Mamlakat aholisi orasida katta mavqeni zabt etgan shahzoda xorijiy masalalarda birin-ketin muvaffaqiyatsizliklarga uchray boshladi. Yaman husiychilariga qarshi shitob bilan boshlangan va juda katta xarajatlar sarf qilingan urush 10 ming nafardan inson hayotiga zomin bo‘lgan bo‘lsa-da, amalda hech qanday samara bermadi. Poytaxt Sano baribir husiychilar qo‘lida qoldi. Bashar Asadga qarshi koalitsiya tuzish uchun qilingan barcha harakatlar ham havoga uchdi, uni hokimiyatdan chetlatishning iloji topilmadi. Livandagi shialar bu qulay paytni qo‘ldan chiqarmadilar va o‘z pozitsiyalarini ancha mustahkamlab oldilar. Qatarga qarshi yetti davlatdan iborat yirik guruh tuzilgan bo‘lsa-da, diplomatik harakatlar ham, davlatni quruqlikdan cheklab tashlash ham amalda biror natija bermadi – mitti, ammo mag‘rur davlat o‘z bilganidan qolmadi.

Bundan tashqari, kutilmaganda o‘zining g‘arbdagi tarafdorlari ham to‘nini teskari kiyadigan voqea yuz berdi – 2 oktyabr kuni Turkiyadagi Saudiya Arabistoni konsulligida podshohlik avlodi vakili bo‘lsa-da, ashaddiy tanqidchi jurnalist Jamol Qoshiqchi shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Avvaliga bu qotillikni tan olmagan Saudiya rasmiylari oxir oqibat rad etib bo‘lmas dalillar qarshisida ojiz qolishdi. Garchi, kim bu qotillikni buyurtma qilgani hozirgacha ma’lum bo‘lmasa-da, hamma faqat bir kishidan gumon qilardi.

Shundoq ham o‘zaro munosabatlarga havas qilib bo‘lmaydigan Turkiya davlati prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu qotillikda Saudiyani rasman aybladi.

Hatto hamisha podshohlik tarafdori hisoblangan Oq uy ma’muriyati, xususan prezident Donald Tramp bu holatni qattiq qoraladi va o‘zaro munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Oxir-oqibat podshoh Jamol Qoshiqchi oilasiga rasman ta’ziya bildirib, barchasi jiddiy tergov qilinishi va aybdorlar qattiq jazolanishini ma’lum qilishga majbur bo‘ldi.

«Qora shahzoda»ning kelajagi

Foto: Saudi Embassy
Garchi shitob bilan dunyo siyosatiga kirib kelgan bo‘lsada, shahzoda to‘g‘risidagi ma’lumotlar juda kam va bir-biriga zid. Masalan, podshohning uchinchi xotinidan tug‘ilgan farzand nega ko‘p sonli o‘g‘illar orasidan valiahdga aylanib qolgani haligacha jumboq. Hatto o‘sha uchinchi xotinning ham olti nafar o‘g‘li bor.

Shuningdek, uning oilaviy va diniy an’analarga zid tarzda faqat bir nafar xotini borligi ham ko‘pchilikni hayratga soladi va ishonish qiyin holat.

Bundan tashqari, tashqi ishlarda ham qator omadsizliklardan tashqari mamlakat ichkarisida ham eng nufuzli shaxslarni siquvga olish ortidan uning o‘zi ham saroy to‘ntarishiga sabab bo‘lishi hamda hokimiyatdan chetlatilishi ehtimoli yuqori.

Ana shunday paytda shahzoda kimga suyanishi katta so‘roq ostida. Lekin shunisi aniqki, Islom olamining eng buyuk markazlari, muqaddas dargohlar joylashgan davlatga podshoh bo‘lish ortidan u yanada katta siyosiy o‘yinlarga qo‘l uradi...

Abror Zohidov


Ushbu ma'lumot www.zamin.uz saytidan olindi
Просмотров: 484 | Добавил: ADMIN | Теги: Yaqin uch yil oldin ham jahon afkor | Рейтинг: 5.0/4
Всего комментариев: 0
avatar
Вход на сайт
Логин:
Пароль:
Bu oyda ko'p o'qilganlar
Поиск
Календарь
«  Октябрь 2018  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031

Copyright MyCorp © 2020
uCoz