Четверг, 22.08.2019, 21:47
Приветствую Вас Гость | RSS

Наш опрос
Оцените мой сайт
Всего ответов: 65
Статистика

Онлайн всего: 17
Гостей: 17
Пользователей: 0
Главная » 2018 » Март » 7 » Erkaklar uchun maxsus: arazlagan ayollarni uyga qaytarish operasiyasi
21:23
Erkaklar uchun maxsus: arazlagan ayollarni uyga qaytarish operasiyasi

— Ayolim bilan bir-birimizga ko`ngil qo`yib turmush qurganmiz. O`n yillik turmushimiz davomida ikki farzandlik bo`ldik. Oxirgi paytlarda qaynotam-qaynonam, qaynakam oilamizga aralashadigan odat chiqarishdi. Bir yarim oy oldin esa ayolim bolalarni olib uyiga ketib qoldi. Endi ota-onasi meni u bilan gaplashtirmayapti. Borsam, uyidan chiqarishmaydi. Ikki-uch bor odam yubordim, foydasi yo`q. Nimamish, Rossiyada ishlagan paytlarim qizlar bilan yurganmishman. Har oy uyga pul jo`natib turgan bo`lsam... Agar qing`ir yo`llarga yurganimda ularga pul jo`nata olmasdim-ku! Onam ham etmishga kirib qoldi. Ularning parvarishiga odam kerak. Qolaversa, bolalarimni sog`indim. Ajrashishni istamayman, xotinimni qanday qilib uyga qaytarsam bo`ladi? Ayol kishi ro`zg`orning bor-yo`g`iga ko`nib, chidab o`tirishi kerakmasmi?

A. Farg`ona viloyati


E`tibor bergan bo`lsangiz, keyingi ikki-uch sonimizda uydan ketib qolgan kelinlarning qaynonalari, turmush o`rtoqlarining murojaatlari ko`paygan. Bayram arafasida ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan bu muammoning echimini izlab ko`rishga ahd qildik.


«Xotinim nega ajrashamanga tushib qoldi, tushunmayman?! He yo`q-be yo`q uydan ketishining sababi nima?»

Sizni ham shu savol o`ylantirayaptimi? Keling, gapning indallosini aytamiz: hech bir ayol yaxshi hayotini tashlab, ikki-uch bolasini etaklab, ota uyiga ketib qolmaydi. Axir uydan arazlasa ham, qarorida qat`iy qolib ajrashsa ham, sizdan ko`ra ko`proq jabr ko`radigan u. Ota-onasining uyiga borib yashash osonmas. Chiqqan qiz chig`iriqdan nari. Ota-ona, aka-uka, yanga-kelining qo`liyu qovog`iga qarashga majbur bo`ladi. Bolalarning tarbiyasiyu ta`minoti uchun o`zini o`qqa-cho`qqa urishi kerak. Garchi qirq joni bo`lsa ham, boshida panohi bo`lmasa, nozik xilqat egasiga yolg`iz ro`zg`orning aravasini sudrash, bolalarni katta qilish og`irlik qiladi. Xo`sh, nega shuncha qiyinchilikni bila turib bunga jazm etishadi?

To`g`ri, oramizda hayotga engil qaraydigan ayollar ham bor. Ammo ko`pchilik sabr kosasi to`lmaguncha sabr qiladi. Har nening chegarasi bo`lgani kabi ayolning ham metin irodasi chegara biladi.

Siz ayolingizning uydan ketishining sabablarini izlayapsizmi? To`xtang, bir o`zingizga nazar soling. Sizdan o`tgan xatoliklar ham bordir. Axir oila mustahkamligiga ayol ham, erkak o`z hissasini qo`shishi kerak — 50/50! Uning devorlari darz ketishida esa sizning ham ana shunday «hissa»ngiz bor.

«Chidam neligini bilmaydi. Rafiqam noshukr!»

Ayrim erkaklar ayoliga ana shunday ayb qo`yishadi. Biz — ayollarning sabri qoshida aslida tog`lar tiz cho`kadi. Ba`zida shoshqaloqlik qilishimiz mumkin, ammo gap oila, bolalar kelajagi haqida ketganida tishni tishga qo`ya olamiz. Ammo qachongacha? Tanbal er nuqul jamiyatni va boshqalarni ayblab oila farovonligi uchun harakat qilmasa ham, xiyonatkor erkak vafo neligini unutsa ham, chidash kerakmi? Vaqtida dazmol qilinmagan ko`ylak yoki tayyor bo`lmagan ovqat uchun ayoliga qo`l ko`tarishgacha boradigan erkaklar yo`q emas-ku?! Hurmatli janoblar, ayolingiz sabr qilishini istasangiz, uning sabriga yarasha harakatda bo`ling. Xotinim ro`zg`orning kam-ko`stiga ko`nmayaptimi, deya darrov uni noshukrlikda ayblamang-da, kechagidan ko`ra ko`proq mehnat qiling. Ayollar tabiyatiga xos nolish, ko`z yosh to`kishlarni kamchilik sifatida qabul qilmang. Siz uni ovutib, hali hammasi yaxshi bo`lishiga va`da bersangiz va albatta, lafzingizda tursangiz, u ham sizni ilhomlantirib turadi.

«Ota-onasi oilamizga aralashaveradi? Endi esa ularning panasiga yashirinib o`tiribdi...»

Qaynota-qaynonangiz o`z-o`zidan sizning turmushingizga bosh suqmagan bo`lishi aniq. Demak, oila qo`rg`oni devorlarini mustahkamlab olmagansiz. Ayolingizga yo suyanchiq bo`lolmaganingiz, yo uni tushunmaganingiz, yo ruhiy, moddiy ehtiyojlarini qondira olmaganingiz uchun ota-onasidan yordam olish barorabarida ularni turmush atalmish g`oringizga olib kirgan bo`lishi mumkin. Shu o`rinda ehtiyoj nima degan savolga javob berib o`tsak.

Ehtiyoj, bu — qondirilishi kerak bo`lgan istak. Deylik, siz chanqadingiz, suv ichmasangiz bo`lmaydi,bu — ehtiyoj. Yoki ko`ngilingiz kabob tusayapti. Ammo uning o`rniga bir kosa mastava ichsangiz ham, qorningiz to`yadi, bu — xohish.

Ayollarning ham o`ziga yarasha psixologik va moddiy ehtiyojlari bor. Ularning bo`sh o`rnini to`ldirmasangiz, odatda ota-onasiga yuzlanishadi.

Yuqoridagi murojaat egasi xorijda ishlagan payti qaynota-qaynonasi qizlarining turli muammolarini hal qilib bergan bo`lishlari mumkin. Balkim kuyov xorijdan qaytgach ham qizining ro`zg`orining katta-kichik tashvishlari ularning bo`ynida qolgandir? Bu bizning taxminlarimiz, xolos. Ammo bir narsa aniqki, sizning oilangizga qaynota-qaynonangizning aralashishi besabab emas. Va bunga o`zingiz ham qaysidir ma`noda yo`l ochib bergansiz.

Ikkinchi savol — nega ayrim ayollar ota-onasining orqasiga yashirinib olishadi?

Turmush o`rtog`iga hech qanday gap ta`sir qilmagani, oilani asrash uchun kurashishdan charchagani uchun.
Ota-onasining oldida boshi egik, tili qisiq bo`lgani tufayli.
Bor-kel o`yinlaridan bezgani uchun. Ya`ni erining yolg`on va`dalariga uchib uyiga qaytadi-yu, yana ko`p yashamay, eski hammom — eski tosligiga amin bo`lib, ota uyiga ravona bo`ladi.
Ammo o`zi ikki-uch bolaning onasi bo`lgan ayolning bu harakati zamirida qanday omil yotsa-da, bitta narsa birlashtirib turadi — muammoni o`zaro hal qila olmaslik, o`zining nima istashini bilmaslik.

«Men ajrashishni istamayman!!!»

Erkaklar murojaatini shunday yakunlashini eshitish albatta, yaxshi. Iloji boricha oilani asrab qolish kerak! Biroq nima uchun ajrashishni istamaysiz — gap ana shunda. Chunki sabablar oqibatlarni yuzaga keltiradi. Do`ppini erga qo`yamiz-da, bir mulohaza qilamiz. Oilangizni asrab qolishdan maqsadingiz nima?

Umr yo`ldoshingiz bilan umrguzaronlik qilish, qo`sha-qarish.
Bolalaringizni sog`lom muhitda katta qilish.
Oila atalmish muqaddas qo`rg`onni asrash.
Yoki:

Onangizning parvarishiga odam kerakligi.
Ro`zg`or ishlari qolib ketayotgani.
Endi yangi oila qurish mas`uliyatini olishni istamaslik.
Mana shu sanab o`tilgan maqsadlarni belgilab chiqing yoki davom ettiring. Bu o`zingizni tushunishga yordam beradi. Agar ikkinchi bo`limdagi sabablar sizda ko`proq kuzatilayotgan bo`lsa, ya`ni oila qadriyatlarini anglamas ekansiz, u omonatligicha qolaveradi.

«Qanday yarashay???»

Baxtingizga 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasidamiz! Demak, otni qamchilang. Yilda bir bo`ladigan shodiyona haqqi ayolingizning kamchiliklari, xatolariga ko`z yuming. O`zingiznikilarni to`g`irlash uchun esa, avvalo, o`zingizga so`z bering. Endi iloji boricha, imkon topib, rafiqangizning bir o`zini restoran yoki qahvaxonaga taklif qiling. «Qachondan beri ikkimiz yolg`iz bayram qilmagan ekanmiz, u-bu joylarga bormaganimizga ham ancha bo`libdi. Istasang, gaplashib olamiz, yoki shunchaki o`tiramiz», deng. Ota-onasi uchrashtirmaydi, gaplashtirmaydi degan bahonalar sizga aslo yarashmaydi. Restoran va qahvaxonalarda bayram kuni odam gavjum bo`ladi, bu o`z navbatida o`rtada eski gaplar eslanib urish chiqib ketishining oldini oladi. Bolajonlaringiz onasining qo`llariga gul tutqazgach, oilaviy muammolarni eslamay turing. Chiroyi ochilgach, oilangizni asrab qolishni chin dildan istashingizni ayting. Ogohlantirib o`tamiz — bolalarni o`ylaylik, qo`ni-qo`shni nima deydi, yoshimiz o`tib ketayapti, degan gaplarni tilga olmang. «Seni sevganim, sendek ayolni hech qaerdan topa olmasligimni bilganim uchun yarashmoqchiman!» deng. Eng tez ta`sir qiladigan, ayolning yurak-yuragiga etib boradigan gap shu. Agar o`z talablari, istaklarini aytsa, ko`nglini bo`shatib olsin. Tinglashni, eshitishni va yorqin kelajakka uni ishontirishni biling.

Mabodo, ayolingiz uchrashuvga rozilik bermasa, undan xafa bo`lmasdan, bayram kuni gul va shirinlik ko`tarib to`g`ri kirib boring. Ishonamiz, oilani asrab qolish yo`lida bunday imkoniyatni qo`ldan boy bermaysiz!


MUXLISA tayyorladi.


Ushbu ma'lumot www.darakchi.uz saytidan olindi
Категория: Foydali maslahatlar | Просмотров: 470 | Добавил: ADMIN | Теги: erkaklar uchun maslaxatlar | Рейтинг: 5.0/6
Всего комментариев: 0
avatar
Вход на сайт
Логин:
Пароль:
Поиск
Календарь
«  Март 2018  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
   1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031

Copyright MyCorp © 2019
uCoz