Четверг, 22.08.2019, 21:41
Приветствую Вас Гость | RSS

Наш опрос
Оцените мой сайт
Всего ответов: 65
Статистика

Онлайн всего: 10
Гостей: 10
Пользователей: 0
Главная » 2017 » Ноябрь » 7 » Bo‘lajak kelinchaklarga 20 maslahat
21:30
Bo‘lajak kelinchaklarga 20 maslahat

Bir tanishim o‘z kelinlik davri haqida so‘zlay ketdi: «turmushga chiqqanimda hech nimani bilmaydigan go‘l qiz edim. Qo‘limdan kitob tushmay, faqat o‘qishni o‘ylabman-u, to‘ydan keyingi hayotim qanday bo‘lishini xayolimga ham keltirmabman. Hozir eslasam, shunchalik ham anoyi bo‘ladimi odam deb, o‘zimga o‘zim hayron qolaman. Yangalarim ham hech nima o‘rgatishmagan, tushuntirishmagan. Shuning uchun kelinlik hayotim hech nimani bilmaslik tufayli qo‘rquv bilan boshlangan, rosti, anchagina qiynalganman. Shuning uchun turmushga chiqish arafasidagi jiyanlarim, qaynsingillarim, tanish-bilishlarimga albatta «yangi hayot»ning ikir-chikirigacha maslahat beraman, «bilsang, qiynalmaysan», deyman. «Sug‘diyona»ni ko‘pchilik o‘qiydi. Bunday maslahatlarni sizlar beringlar, qizlarimiz «ostonasi tillo uy»lariga qo‘rquv bilan emas, baxtdan entikib, shirin orzular bilan kirib borsin, menday qiynalmasin…»

Bugungi sahifani tayyorlashimizga aynan shu gaplar turtki bo‘ldi. U orqali bo‘lajak kelinlarimizga bilganlarimiz, kattalardan eshitganlarimizni ilindik.

To‘ydan oldingi niyat

1. Singlim, to‘ydan oldin ham, keyin ham o‘ylamay gapiradigan yangalar, katta yoshli ayollarning nikohning birinchi kechasi, homiladorlik va tug‘ruq, qaynonalarning «anakonda»ligi, erning sevmay qo‘yishi haqidagi vahimali gaplariga quloq solma. «Menda bunday bo‘lmaydi! Xudo xohlasa, baxtli yashayman! Qaynonam bilan ona-boladek bo‘laman, umr yo‘ldoshim uchun bir umrlik sevimli yor bo‘lib qolaman!..» deya YaXShI niyat qil. «Qiz bolaning to‘ydan oldin qilgan niyatlari amalga oshadi» deb sen ham ko‘p eshitgandirsan? Sen baxtli hayotingga ishon va o‘ylaganingdek bo‘lmay, xafsalang pir bo‘lishini o‘ylama! Unutma, fikrlar moddiylashadi. Shunday ekan, o‘zingga xayolingda ham yomonliklarni «chaqirma», faqat yaxshiliklarni o‘yla!

Onalikka tayyorgarlik

2. To‘ydan oldingi niyatlaring ichida ONA bo‘lish orzung ham aks etsin. Agar talaba bo‘lsang, «to‘ydan keyin darrov bo‘yimda bo‘lib qolmasin-da, o‘qishimni tugatib olay, keyin tug‘aman» deya o‘ylama (hayotda shundaylar yo‘q emas). Hamma narsa o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi. Qaysidir tanishing yoki qarindoshing, qo‘shning kabi befarzandlikdan qiynalib, do‘xtirma-do‘xtir yugurib yurmaslik uchun to‘ydan oldin albatta tibbiy ko‘rikdan o‘t, lozim topilsa, bee’tibor qoldirmay, davolan. Yodingda bo‘lsin, bu to‘ydan keyingi yugur-yugurlardan ko‘ra senga har tomonlama ancha «arzonga» tushadi.

Nikoh kechasida…

3. Ilk nikoh kechasida avvalo Yaratgandan nikohning xayrli bo‘lishini so‘ra. Qolaversa, kelin-kuyovning bu paytda ikki rakaat nafl namozi o‘qishida ham hikmat ko‘p. Bunda «Allohim, bizni va bizdan tug‘ilajak farzandimizni shaytondan yiroq qil» deb duo qilinadi. Yotog‘ingdan hamisha yoqimli ifor taralib tursin, choyshablarni tez-tez almashtirib tur, asosiysi, ular hamisha top-toza bo‘lsin. Agar ering bilan qaynona-qaynotangdan alohida uyda yashasang, «hech kim yo‘q-ku» deya kiyimlaringga e’tibor bermay qo‘yma. «Uy issiq» degan bahona bilan eringning yonida ochiq-sochiq kiyimlarda yurma. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, buning natijasida erkakda ayoliga nisbatan hissiy to‘yinish yuzaga keladi. Shuningdek, «ko‘cha xandon — uy zindon» bo‘lmasin. Ko‘cha-ko‘yga yasan-tusan qilib, chiroyli kiyinib chiqib, uyda bir ahvolda yurma. Ko‘pchilik ayollarga o‘xshab qancha ko‘cha kiyimi bo‘lsa ham xarid qilaverib, «uy ichiga kiyishga shuyam bo‘laveradi» dema. Axir ertalabdan kechgacha ishda bo‘lgan ering seni asosan uyda ko‘radi-da! Shuning uchun uy ichiga kiyiladigan liboslaringga ham hamisha e’tiborli bo‘l.

«Otangni onangga bepardoz ko‘rsatma»

4. Ertalab albatta eringdan oldin uyg‘on. Birinchi galda yuvinib, o‘zingga oro beri bol. O‘zingni eringga bepardoz ko‘rsatma. U hech qachon seni sochlaring to‘zigan, qovoqlaring shishgan, ko‘zlaring uyqusiragan, egningdagi kiyimlaring osilgan, yarashmagan holda ko‘rmasin. Yoring uyqudan turganida, o‘zingga va uyingga zeb bergan, nonushtalar tayyorlangan, derazalar ochilib, uy havosi yangilangan holda bo‘lsin.

Qaynonaning ro‘zg‘or maktabi

5. Mehnatsevar bo‘l. Hamma ishni o‘z vaqtida qil. «Bildim dedim — tutildim, bilmadim dedim — qutuldim» deydigan kelinlardan bo‘lma. Chaqqonlik bilan ro‘zg‘or yumushlariga kirish. Shunday bo‘lginki, qaynonang «kelinimning oyoq-qo‘li chaqqongina ekan, ishlarni men aytmasam ham o‘zidan bilib qilib qo‘yyapti» deb quvonsin. Mabodo shunday demasa ham chaqqonligingni ko‘rib, bu gapni albatta ko‘nglidan o‘tkazadi. Ba’zi qaynonalar «maqtasam erkalanib ketadi», deyishadi-da! Bilmaganingni qaynonangdan so‘rashga uyalma. So‘ramasang ham o‘rgataverishiga ensangni qotirma, «nuqul ishimdan ayb axtaradi, o‘rgataveradi», dema. Har bitta oila — alohida bir davlat, uning o‘ziga xos qonun-qoidalari bo‘lishi tabiiy. Qaynonang o‘rgatmasa, kim o‘rgatsin? Sabr va qunt bilan o‘rgan va buning uchun ko‘nglingda noroziliklarni emas, minnatdorchilik hislarini uyg‘ot.

Ona-bola o‘rtasiga tushma!

6. Qaynona g‘iybatini qiladiganlardan bo‘lma. Ering yaxshi-yu, uni dunyoga keltirgan ona yomonmi? Shu ayol bo‘lmaganida yoningdagi shunday yorni qayerdan toparding? Hayotda erini qaynonasiga qarshi qayrab, go‘yoki o‘zi tomonga «og‘dirib» olishga urinadigan yollar bor. Sen undaylardan bo‘lma. Hech qachon ona-bola o‘rtasidagi mehrga da’vogarlik qilma. Eringga onasini mutlaqo yomonlama. Ona-bola o‘rtasiga sovuqchilik tushiradigan ayol — oxir-oqibat mag‘lub bo‘ladigan ayol. Sen esa aksincha bo‘l, eringga qaynonangni yaxshi ko‘rishingni aytib tur, alohida uyda yashasang, «bugun oyijonimdan xabar oldingizmi?» deya eslatib tur. Shunda ering dunyodagi eng aziz insoni — onasiga bo‘lgan mehring, hurmatingni ko‘rib, senga muhabbati yana-da oshadi.

«Qaytar dunyo»

7. «Qaytar dunyo» degan naqlni tez-tez yodga olib tur. Kelajakda kelining seni «oyijon»lab, hurmatingni joyiga qo‘yib, yaxshi ko‘rib qadrlashini istasang, bugun o‘zing qaynonangga shunday munosabatda bo‘l. Bundan ham qaynonangning rizoligini, duosini olasan, ham yoring sendan minnatdor bo‘lib, mehri jo‘shadi, ham kelajakda kelini yaxshi ko‘radigan qaynona bo‘lasan!

Gap tashima!

8. Yangi xonadoning ichidagi gaplarni ota uyingga, u yerdagi sirlarni bu uyga tashima. Shunda ko‘ngilsizliklar kelib chiqmaydi, qudalarning munosabati chigallashmaydi.

Doka ro‘mol ho‘l bo‘lsa…

9. Turmushda har xil holat bo‘ladi. Mabodo turmush o‘rtog‘ing bilan o‘rtangizda gap qochsa, qaynota-qaynonangga o‘g‘lini yomonlay ko‘rma — bu hech bir ota-onaga yoqmaydi. Ota uyingdagilarga-ku, bunday ko‘ngilsizliklarni aslo yetkaza ko‘rma, yangi oila a’zolaringni ularga yomonlama. Vaqti kelib, sen ular bilan yasharib, apoq-chapoq bo‘lib ketasan, lekin ota-ona, jigarlaring ularni yoqtirmay qolishlari mumkin.

Nohaq gap eshitsang…

10. Eng katta dushman — til. Shuning uchun sukut saqlashni ham bil. Ering yoki qaynonangning nimadandir jahli chiqdimi, yaxshisi, o‘sha paytda sen gapdan qol. Agar ular nohaq koyigan bo‘lsa, hovuridan tushib, kayfiyati yaxshi bo‘lgan paytda muloyimgina qilib «aslida mana bunday edi» deb tushuntirsang, albatta tushunadi. Shunda janjal bilan uyingdan barakani qirq kunga quvmaysan.

Er bozor-o‘char qilib kelganda…

11. Qanoatli bo‘l. Ering uyga nimadir ko‘tarib kelsa, xursandligingni bildir. Bu erkakni rag‘batlantiradi va u uyiga yana va yana narsa olib kelishni xohlayveradi. Mabodo olib kelgan biror buyumi ko‘nglingga yoqmasa, buni bildirish shartmas, darrov «bunaqasidanmas, boshqachasidan olib keling degandim» deb tanqid qilishga kirishma. Uni maqta, «boringizga shukr!» de va o‘sha paytda emas, kelasi gal olib kelishini tayinlaganingda «o‘tgan gal keltirganingiz salgina bunaqa edi, bu safar mana bunaqasidan olib keling», deya shirinso‘zlik bilan qanaqasidan olib kelishni tushuntirib qo‘yasan. Isrofgarlardan bo‘lma. Eringning mol-mulkini tejash, saqlashni bil.

Gigiyena

12. O‘zingni, uy-joyingni hamisha sarishta tut. Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qil. Atrofdagilar seni hech qachon qo‘l-oyoqlaringning tirnoqlari o‘sgan, sochlaringning yog‘i chiqib, kirlangan, egningdagi kiyimlaring kirlangan, hidlangan holda ko‘rmasin. Uyingdan ham, o‘zingdan ham hamisha yoqimli ifor taralib tursin. Eringning dimog‘iga aslo noxush hid urilmasin. Aks holda sendan ko‘ngli soviydi.

Tilingga erk berma!

13. Yuzlaridan nur yog‘ilib turgan keksa bir ayoldan so‘rashgan ekan:

— Bunday ko‘rinishga qanday musharraf bo‘lgansiz?

Onaxon javob beribdi:

— Lablarimga Haqni, ovozimga zikrni, ko‘zlarimga halolni, qo‘llarimga ehsonni, oyoqlarimga to‘g‘rilikni surdim. Qalbimga Alloh sevgisini, aqlimga hikmatni, nafsimga itoatni, hirsimga imonni ravo ko‘rdim.

Eshitganlaringdan to‘g‘ri xulosa chiqarishni bil.

Itoat

14. Yoringga itoatli bo‘l. Eringning ruxsatisiz, u izn bermagan joylarga borma. Ering uydan chiqayotganida va ishdan qaytganida yaxshi kayfiyat bilan kuzatib-kutib olishni odat qil. Shariatimizda ham erini rozi qilgan ayolning jannat ahlidan bo‘lishi ta’kidlangan.

Erkak yuragiga yo‘l…

15. Ovqatni vaqtida tayyorla, ya’ni ovqatlanish vaqtini kechiktirma. Ering ishdan kelishi bilan dasturxon yoz. Unutma, ochlik jahlni qo‘zg‘aydi. Qolaversa, «erkak oshqozoni bilan sevadi» degan gap ham bejiz aytilmagan.

16. Ba’zi kelinlar faqat qaynonasinin ko‘nglini olishga e’tibor qaratib, erini o‘zi bilmagan holda ikkinchi darajaga tushirib qo‘yadi. Sen esa tarozining ikki pallasini baravar ushla. Yoringga yetarlicha mehr ko‘rsatginki, u buni ko‘chadan izlamasin.

Payg‘ambarimiz nasihatlari

Rasululloh (s.a.v.) qizlari Fotimani kelin qilib Hazrati Ali (r.a.)ning uyiga olib borayotib bergan o‘gitlari bugungi qizlar uchun ham juda ibratlidir:

17. «Qizim, o‘zingni ozoda tut. Robbingni zikr et va vujudingni suv bilan pokla. Ering senga qaraganda ko‘ngli yorishsin. Ko‘zlaringga Surma qo‘y, chunki Surma ayollarga ziynatdir. Boshingga zaytun yog‘idan surt, zaytun yog‘i surtgan ayolga shaytion yaqinlashmaydi.

18. Ey Fotima! Ering senga qaraganida ko‘zlaringni yumma, toki sevging kuchaysin. Ering boshqa tarafga qaragan payt sen uning yuziga boq, bu bilan bir oy ro‘za tutganlik savobini olasan.

19. Ey Fotima! Ering seni yotoqqa chaqirganda rad etma. Rad etsang, Allohning la’natiga qolasan. Ey Fotima! yaqinlik payti quvnoq bo‘l, toki eringning muhabbati ortsin va boshqaga muhabbat qo‘ymasin.

20. Ey Fotima! Eringning kamchiliklarini, aybini birovga aytmas, aytsang, Allohning, Payg‘ambarning, farishtalarning va eringning nafratiga duchor bo‘lasan…»


Ushbu ma'lumot www.ayol.uz saytidan olindi
Категория: Ayollar uchun | Просмотров: 347 | Добавил: ADMIN | Теги: kelinlik vazifalari, baxtli bo'lish sirlari, kelinlarga tavsiyalar, baxtli oila qurish, kelinlarga tavsiyala | Рейтинг: 5.0/4
Всего комментариев: 0
avatar
Вход на сайт
Логин:
Пароль:
Поиск
Календарь
«  Ноябрь 2017  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
27282930

Copyright MyCorp © 2019
uCoz